Elektron pochta

info@yoursite.com

Biz bilan bog'laning

+998 78 150-97-80

Yangiliklar

Bosh sahifa Yangiliklar

Oʼzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 33 yilligi va Vatan himoyachilari kuni

491
630
700
369

Oʼzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 33 yilligi va Vatan himoyachilari kuni

                   Oʼzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 33 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tabrigi

Hurmatli askar va serjantlar, ofitser va generallar!

Muhtaram Qurolli Kuchlarimiz faxriylari!

Qadrli yurtdoshlar!

Siz, azizlarni, koʼpmillatli butun xalqimizni Oʼzbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 33 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bilan samimiy muborakbod etaman.

Barchamiz uchun shon-sharaf timsoliga aylangan mana shu qutlugʼ ayyomda oʼz hayotini Vatan himoyasidek ulugʼ ishga bagʼishlagan botir va dovyurak oʼgʼlonlarimizni, muhtaram faxriylarimizni tabriklab, ularning shaʼniga eng ezgu tilaklarimizni izhor etamiz.

Sizlarning azmu shijoatingiz, el-yurtga sadoqatingiz tufayli xalqimizning tinch va osoyishta hayoti taʼminlanmoqda, mamlakatimizning mudofaa salohiyati mustahkamlanmoqda, milliy armiyamizning jangovar qobiliyati yuksalmoqda.

Yurtimiz boʼylab jasorat madhiyalari yangrayotgan bugungi ulugʼ kunlarda Vatan oldidagi burchini ado etish chogʼida halok boʼlgan qahramon harbiylarimizning soʼnmas xotirasi oldida barchamiz hurmat bajo keltiramiz.

Fursatdan foydalanib, mard va bahodir yurt posbonlarini tarbiyalagan barcha ota-onalarga, harbiy xizmat davomida Vatan himoyachilariga togʼdek tayanch boʼlib kelayotgan ularning oila aʼzolariga chin qalbimdan minnatdorlik bildiraman.

Аziz doʼstlar!

Keyingi yillarda olib borayotgan keng koʼlamli islohotlarimiz tufayli Qurolli Kuchlarimiz mamlakatimiz mustaqilligi, chegaralarimiz daxlsizligi, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini taʼminlashning chinakam kafolatiga aylanib bormoqda.

Barcha qoʼshin turlari zamonaviy qurol-yarogʼ va texnika bilan taʼminlanmoqda. Harbiy xizmatchilarning jangovar va maʼnaviy tayyorgarligi uzluksiz oshib bormoqda. Milliy armiyamiz ular uchun, yoshlarimiz uchun mardlik va shon-sharaf maktabiga aylanmoqda.

Eng muhimi, xalq bilan armiya tobora yaqin boʼlib borayotgani harbiy soha rivojiga yangicha kuch va sifat bagʼishlamoqda.

Bugungi kunda navqiron avlodimiz oʼrtasida harbiy xizmatga qiziqish kuchayib, minglab yigit-qizlarimiz Vatan himoyasiga dadil bel bogʼlayotgani barchamizni cheksiz quvontiradi. Biz ana shunday oʼtyurak farzandlarimiz timsolida boʼlgʼusi qahramonlarimiz, Qurolli Kuchlarimizning boʼlajak ofitser va generallari, mohir qoʼmondonlarni koʼramiz.

Аyni vaqtda barchamiz yaxshi anglaymizki, hozirgi vaqtda, dunyo miqyosida turli xavf-xatarlar, qurolli toʼqnashuvlar tobora avj olib borayotgan oʼta murakkab vaziyatda Qurolli Kuchlarimizning jangovar salohiyatini, harbiy xizmatchilarning jismoniy va maʼnaviy shayligini oshirish har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Shu munosabat bilan “Oʼzbekiston – 2030” strategiyasi asosida bu borada boshlagan ishlarimizni mutlaqo yangi sifat bosqichiga koʼtarishimiz shart. Xususan, Qurolli Kuchlarimizni yangi, modernizatsiya qilingan oʼt ochish tizimlari va texnika bilan taʼminlashni harbiy harakatlar teatri xususiyatlarini, qoʼshinlarni rivojlantirishning ustuvor yoʼnalishlarini hisobga olgan holda davom ettiramiz.

Harbiy xizmatchilarning intellektual salohiyatini yuksaltirish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, maktablarda boshlangʼich harbiy taʼlim sifatini oshirish, oʼquvchi yoshlarni harbiy xizmatga tayyorlash ishlarini kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratamiz.

Аskar va ofitserlarning professional mahorati, harbiy bilim yurtlarida taʼlim-tarbiya samaradorligini oshirish, malakali harbiy kadrlar zaxirasini yaratish doimo ustuvor vazifamiz boʼlib qoladi.

Harbiy xizmatchilar, ularning oila aʼzolari, Qurolli Kuchlarimiz faxriylarini ijtimoiy himoya qilish, har tomonlama qoʼllab-quvvatlash bundan buyon ham diqqatimiz markazida boʼladi.

Аna shu muhim vazifalarni bajarishda, hech shubhasiz, harbiy-maʼmuriy sektorlar, davlat va jamoat tashkilotlari hamda keng jamoatchilikning faol ishtiroki gʼoyat muhim ahamiyatga ega. Chunki, xalq bilan muloqot va maslahat asosida, uning ishtirokida amalga oshirilgan ish albatta qudratli ijobiy kuchga ega boʼladi.

Umuman, bugungi kunda barchamiz – qaysi soha yoki tarmoqda, qanday lavozimda ishlamaylik, Vatan himoyachisi boʼlishimiz zarur. Bu talabni davrning oʼzi oldimizga qatʼiy vazifa qilib qoʼymoqda va xalqimiz ham bizdan aynan shuni kutmoqda.

Qadrli Vatan himoyachilari!

Ona yurt qalqonlari, tinchlik posbonlari sharaflanadigan mana shu quvonchli kunda siz, azizlarni shonli bayramingiz bilan yana bir bor chin dildan qutlayman.

Barchangizga muqaddas qasamyodingizga sodiq qolib, xizmat burchingizni yuksak darajada ado etishda mustahkam sogʼliq, ulkan muvaffaqiyatlar, oilaviy baxt, xonadonlaringizga tinchlik, fayzu baraka tilayman.

Jonajon Vatanimiz himoyasi yoʼlida hech qachon tolmang, yutuq va zafarlar doimo sizlarga yor boʼlsin!

 

Shavkat Mirziyoev,

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti,

Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʼmondoni