“Markaziy Osiyo — yangi davr ostonasida”
“Markaziy Osiyo — yangi davr ostonasida”
Bu — oʻz-oʻzidan paydo boʻlib qolgan jarayon emas, balki umumiy taqdiri va birgalikda taraqqiy etish salohiyatini anglab yetgan mamlakatlarimiz yetakchilarining aniq maqsadga qaratilgan saʼy-harakatlari va siyosiy irodasi natijasidir. Ayni paytda bu jarayon oʻzaro ishonch muhitida tobora qizgʻin tus olayotgani Markaziy Osiyo mamlakatlari xalqlari tomonidan qoʻllab-quvvatlanayotgan mintaqaviy hamkorlik keng koʻlamdagi zaruratga aylanganidan dalolatdir. Hamkorligimizni mintaqaviy yaqinlashuvning yangi bosqichiga olib chiqish uchun davlatlarimiz darajasida sharoit yaratilganini koʻrib turibmiz. Oldimizda erishilgan kelishuvlarni fuqarolar va biznes uchun aniq natija va qulayliklarga aylantirishdek strategik vazifa turibdi. Markaziy Osiyo qarorlar shunchaki hujjat sifatida emas, balki mintaqa mamlakatlarida barqaror rivojlanishni taʼminlash va odamlarning kundalik hayotini yaxshilash uchun qabul qilinadigan, imkoniyatlardan birgalikda foydalaniladigan umumiy makonga aylanishi kerak.
Hozirgi bosqichda “Markaziy Osiyo plyus” formatlari va boshqa xalqaro muloqot maydonlarida mintaqaviy muvofiqlashuvni rivojlantirish, tashqi sheriklar bilan hamkorlik masalalari boʻyicha kelishilgan ustuvor yoʻnalishlar va pozitsiyalarni ishlab chiqish strategik vazifaga aylanmoqda. Faqat shu yoʻl bilangina jahonning yetakchi mamlakatlari va birlashmalari bilan hamkorligimizni davlatlarimiz va butun mintaqaning iqtisodiy hamda texnologik taraqqiyotiga, barqarorligiga xizmat qiladigan aniq loyihalar asosida boyitishimiz mumkin.
Oʻzbekiston uchun mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish taktik tanlov emas, balki Markaziy Osiyo kelajagi uchun umumiy masʼuliyatni anglashdan kelib chiqadigan ongli strategik qarordir.
Ishonchimiz komilki, global noaniqlik davrida yaxshi qoʻshnichilik, hamjihatlik va oʻzaro qoʻllab-quvvatlash — Markaziy Osiyoning asosiy resursidir. Mintaqa mamlakatlari yakka holda hal qilishi qiyin boʻlgan umumiy xavfsizlik muammolari va rivojlanish vazifalari birgalikdagi saʼy-harakatlar bilan muvaffaqiyatli hal qilinishi mumkin. Ishonch va sheriklikni mustahkamlash oʻz kelajagini umumiy qadrdon diyorimiz — Markaziy Osiyoning tinchligi, barqarorligi va taraqqiyoti bilan bogʻlagan millionlab odamlarning manfaatlariga javob beradi. Bugun biz kuchli, barqaror va farovon mintaqa — Yangi Markaziy Osiyoning mustahkam poydevorini yaratmoqdamiz. Mintaqamizda kechayotgan jarayonlar — bu ongli va ortga qaytmas tanlov. Ushbu yoʻl bizdan nafaqat birgalikdagi saʼy-harakatlarni, balki umumiy kelajagimiz uchun masʼuliyatni oʻz zimmamizga olishga tayyor boʻlishimizni ham talab qiladi. Kuch va imkoniyatlarimizni birlashtirib, umumiy vazifalarni hal etmoqdamiz, shuningdek, xalqaro hamjamiyatga tinch va bunyodkor hamkorlikning vaqt va hayot sinovidan oʻtgan — ishonch, yaxshi qoʻshnichilik va oʻzaro qoʻllab-quvvatlashga asoslangan oʻz modelimizni taklif etmoqdamiz. Va bugun Markaziy Osiyoni keng mintaqamizda yashayotgan barcha millat va xalqlar uchun yagona tinchlik, farovonlik va taraqqiyot makoniga aylantiradigan ushbu tarixiy surʼatni saqlab qolishimiz har qachongidan ham muhimdir.


