Rossiya Federatsiyasi, Tatariston Respublikasidagi Qozon federal universitetida “Pediatriya” dasturi bo’yicha kasbiy stajirovka
Rossiya Federatsiyasi, Tatariston Respublikasidagi Qozon federal universitetida “Pediatriya” dasturi bo’yicha kasbiy stajirovka
Kafedramiz dotsenti Abdujalilova Maftuna Shuhrat qizi Rossiya Federatsiyasi, Tatariston Respublikasidagi Qozon federal universitetida “Pediatriya” dasturi bo’yicha kasbiy stajirovka o’tamoqda. Dotsent ushbu stajirovkaga O’zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligining yosh olimlarni xorijga stajirovkaga yuborish bo’yicha maqsadli tanlovi g’olibi sifatida yo’llangan. Bu universitet yosh olimlarining respublika miqyosidagi tanlovlarda raqobatbardoshligini va xalqaro ilmiy faoliyatga faol jalb etilayotganini namoyon etadi. 1804-yilda tashkil topgan Qozon federal universiteti Rossiyaning eng qadimiy va nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri hisoblanadi. Stajirovkaning klinik bazasi bo’lgan Tatariston Respublikasi Bolalar respublika klinik shifoxonasi (BRKSH) esa mintaqaning yetakchi ko’p tarmoqli bolalar shifoxonasi bo’lib, unda bolalarga ixtisoslashtirilgan va yuqori texnologiyali tibbiy yordam ko’rsatiladi. Stajirovkaga t.f.n., QFU, dotsent, bolalar pulmonologi Zakirov Ilnur Ilgizovich rahbarlik qilmoqda. Dastlabki bosqichda bolalar poliklinikasining ish tartibi, DRKBning tashkiliy tuzilmasi hamda bolalar palliativ yordam bo’limi faoliyati o’rganildi.
Stajirovkaning asosiy qismi bolalar allergologiyasi va pulmonologiyasiga bag’ishlangan. Dotsent DRKBning bolalar allergologiya bo’limida klinik amaliyot olib bormoqda, shuningdek kurator bilan birgalikda haftada bir necha marta bronxo-o’pka kasalliklariga chalingan bolalarni ko’rikdan o’tkazmoqda. Bunda bolalarda bronxial astma, allergik rinit va boshqa allergik kasalliklarni tashxislash, nazorat darajasini baholash, bazis terapiyani individual tanlash va bemorlarni uzoq muddatli kuzatuvga olish bo’yicha zamonaviy yondashuvlar amalda o’rganilmoqda. Ayniqsa, og’ir kechuvchi allergik bronxial astmasi bo’lgan bolalarda gen-muhandislik biologik preparatlari yordamida o’tkaziladigan target terapiya, xususan anti-IgE monoklonal antitanasi — omalizumabni qo’llash amaliyoti chuqur o’rganilmoqda. Bemorlarni ushbu terapiyaga tanlash mezonlari, dozani umumiy IgE darajasi va tana vazniga qarab hisoblash hamda davolash samaradorligini baholash tamoyillari bilan yaqindan tanishildi. Bu yondashuv kasallikning asosiy immunologik mexanizmiga aniq yo’naltirilgan, shaxsga moslashtirilgan davolash imkonini beradi. Stajirovka davomida dotsent 2026-yil 24-oktabrda Qozon shahrida bo’lib o’tgan “Pediatriyaning dolzarb muammolari: prediktiv tibbiyot trendlari” respublika ilmiy-amaliy konferensiyasida ishtirok etdi. Konferensiyada Qozon pediatriya maktabining yetakchi mutaxassislari, jumladan stajirovka rahbari Zakirov I.I. ma’ruzalar bilan chiqdi. Bolalar kasalliklarini erta prognozlash, xavf omillarini aniqlash va shaxsga yo’naltirilgan davolashning zamonaviy tendensiyalari muhokama qilindi. O’zlashtirilgan bilim va tajriba Bolalar kasalliklari kafedrasida bolalar pulmonologiyasi va allergologiyasi bo’yicha ma’ruza va amaliy mashg’ulotlarni klinik holatlar asosida boyitish, zamonaviy klinik tavsiyalarni talabalar va rezidentlar o’quv jarayoniga joriy etish hamda ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirishga xizmat qiladi.
