E-mail

info@tashmeduni.uz

Contact us

+998 78 150-97-80

Announcements

Home Announcements

Prezident Shavkat Mirziyoyev: “2026-yil barcha sohalarni rivojlantirishda tub burilish yili bo‘ladi”

491
630
700
369

Prezident Shavkat Mirziyoyev: “2026-yil barcha sohalarni rivojlantirishda tub burilish yili bo‘ladi”

                                                O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26-dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomani taqdim etdi.

– So‘nggi to‘qqiz yilda biz sizlar bilan, el-yurtimiz bilan birgalikda katta taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdik. Iqtisodiyotimiz yangidan shakllandi, bozor munosabatlari, ijtimoiy himoyani kengaytirdik, qonun ustuvorligini mustahkamladik. Eng muhimi, islohotlarimiz samarasini har bir mahalla, har bir xonadon va har bir inson kundalik hayotida his qilmoqda, – dedi davlatimiz rahbari so‘zining avvalida.

Qanchalik og‘ir bo‘lmasin, boshlangan demokratik islohotlar qat’iy davom ettirilgani, xalqimizning qo‘llab-quvvatlashi va yoshlarimizning g‘ayrat-shijoati, hamjihatlik asosi bo‘lgan mahallaning hayotimizdagi o‘rni va ta’siri kuchaytirilgani, odamlarning ongi va dunyoqarashi o‘zgarib, el-yurtimiz yanada jipslashgani, tadbirkor, dehqon va fermerlarning tashabbuskorligi va mardona mehnati, o‘zaro manfaatli hamkorlikka asoslangan do‘stona tashqi siyosat hisobiga 2025-yilda barcha sohalarda ulkan yutuqlarga erishildi. Bu yil tariximizda birinchi marta yalpi ichki mahsulotimiz 145 milliard dollardan oshdi. Joriy yil eksportimiz 23 foizga oshib, 33,4 milliard dollarga yetkazilishi ta’kidlandi. Eng muhimi, oltin-valyuta zaxiralarimiz ilk bor 60 milliard dollardan oshdi. Iqtisodiyotimizga jalb qilingan xorijiy investitsiyalar hajmi 43,1 milliard dollarga yetdi. Jami investitsiyalarning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 31,9 foizni tashkil etmoqda. Yetakchi xalqaro reyting agentliklari mamlakatimizning suveren reytingini “BB-”dan “BB” pog‘onasiga ko‘tardi. Energetika sohasida tub burilish yasalgani hisobiga elektr ishlab chiqarish hajmi 85 milliard kilovatt-soatga yetkazildi.

Bu yil 188 ta mahalladagi 715 ming aholi yashaydigan xonadonlarga birinchi marta toza ichimlik suvi kirib bordi, yana 2 million 300 mingga yaqin aholining suv ta’minoti yaxshilandi. Joriy yilda 5 million aholi daromadli bo‘lib, ishsizlik darajasi 5,5 foizdan 4,9 foizga tushdi. Qariyb 1,5 million ehtiyojmand aholi kambag‘allikdan chiqdi, ilk bor 1 ming 435 ta mahalla “kambag‘allikdan xoli” hududga aylandi. Kambag‘al oilalarga mansub 168 ming nafar bola davlat bog‘chalariga imtiyozli asosda qabul qilindi. Bu yildan boshlab 208 ta bog‘chada birinchi marta inklyuziv ta’lim tizimi joriy etildi.

Yurtimizda kambag‘allik darajasi yil boshidagi 8,9 foizdan 5,8 foizga tushdi.

– Bu ishlarni boshlaganimizda aholining uchdan bir qismi kambag‘allik chegarasida yashardi.  Kredit, subsidiya, kompensatsiya kabi 100 dan ziyod xizmatlar orqali ijtimoiy himoyaning mutlaqo yangi tizimini yo‘lga qo‘yganimiz va bularni mahalladagi “yettilik”ning o‘ziga berganimiz natijasida 8,5 milliondan ziyod odam kambag‘allikdan chiqdi, ishsizlik 2 karra qisqardi. Natijada uch yil oldin kambag‘allikni 2026-yil yakuni bilan 2 karra qisqartirish bo‘yicha olgan marramizni shu yilning o‘zida uddaladik, – dedi Prezidentimiz.Iste’dodli o‘g‘il-qizlarimiz ta’lim, ilm-fan, madaniyat, san’at, sport va boshqa sohalarda erishayotgan katta yutuqlari bilan ham Yangi O‘zbekistonimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shayotgani ta’kidlandi.  Keyingi paytda yurtimiz global masalalar muhokama qilinadigan xalqaro muloqot maydoniga aylanib bormoqda. Xususan, bu yil Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi, UNESCO Bosh konferensiyasining sessiyasi, “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” sammiti va xalqaro Iqlim forumiga mezbonlik qilindi. Shuningdek, O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston yetakchilarining mart oyida Xo‘jandda bo‘lib o‘tgan uchrashuvida birinchi marta uch mamlakat davlat chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risida tarixiy shartnoma imzolandi hamda “Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi deklaratsiya” qabul qilindi. Mintaqamiz davlat rahbarlarining yaqinda Toshkentdagi Maslahat uchrashuvi chog‘ida integratsiya jarayonlarini yangi sifat bosqichiga ko‘tarish uchun Markaziy Osiyo hamjamiyati strategik formatini tashkil qilish g‘oyasi ilgari surildi. Ozarbayjonni Markaziy Osiyo formatiga to‘la huquqli a’zo sifatida qabul qilish to‘g‘risidagi qaror tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, ushbu qadam Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasida strategik bog‘liqlik hamda barqarorlikni kuchaytirishi shubhasiz. Oktabr oyida Bryusselda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Noyabr oyida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo va AQSH sammiti ko‘p tomonlama va uzoq muddatli sheriklikni sifat jihatidan mutlaqo yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qildi. O‘tgan haftada Tokioda Markaziy Osiyo va Yaponiya yetakchilarining uchrashuvida ta’lim, tibbiyot, raqamli texnologiyalar, infratuzilma va sanoat sohalari bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi. 

Shu haftaning boshida esa Sankt-Peterburgda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi rahbarlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv ham hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilab berdi.

– Bularning barchasi xalqaro aloqalarimizni mazmun jihatidan yangi bosqichga olib chiqmoqda. Biz dunyodagi uzoq-yaqin mamlakatlar bilan Sharq va G‘arb, Shimol va Janub bilan hamkorlik ko‘priklarini qurishda davom etamiz, – dedi Prezidentimiz.  Mahalla va yaxshi qo‘shnichilik o‘zaro uyg‘un qadriyatlardir. Ular jamiyatda ijtimoiy kapitalni yanada boyitishga beqiyos hissa qo‘shadi.

Mamlakatimizda o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovlarda ishtirok etganlarning 90 foizi o‘zini mahalla jamoasining bir qismi deb hisoblashi ham shundan dalolat beradi. Mahallaga shu asosda Vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usining yuqoriligi ushbu institut, avvalo, ijtimoiy birdamlik manbai ekanini ko‘rsatadi.– Tarix davomida qanday og‘ir sinovlarga duch kelmaylik, biz avvalo birdamlikdan kuch oldik. Mashaqqatli kunlarda odamlarimiz, mahalla ahli yelkadosh bo‘lib qiyinchiliklarni yenggan. Oila – oilaga, qo‘shni – qo‘shniga ko‘mak berib yashagan. Biz mana shunday o‘ta noyob qadriyatimizga doimo sodiq qolishimiz, yosh avlodimizni ayni shu ruhda tarbiyalashimiz kerak. Bugungi kunda jamiyatimizda turli xil fikr va qarashlar bo‘lishi tabiiy. Bu – demokratiyaning birlamchi talabi.

Ammo millati, tili va dinidan qat’i nazar, 38 millionli el-yurtimizni birlashtiradigan ulug‘ bir g‘oya bor. U ham bo‘lsa, Vatan manfaati, xalqimiz manfaatidir. Mana shunday buyuk maqsadga erishishda mahalla tizimining o‘rni va ta’siri beqiyos. Chunki mahalla tinch va ahil bo‘lsa, jamiyatimiz tinch va hamjihat bo‘ladi. Mahalla rivojlansa, butun mamlakatimiz yuksaladi, – dedi Prezidentimiz.

Shularning barchasini hisobga olib, Prezidentimiz 2026-yilni yurtimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”, deb e’lon qilishni taklif qildi. Bu tashabbusni yig‘ilganlar qizg‘in qo‘llab-quvvatladi. Yangi yil dasturida yurtimizdagi 9 mingdan ziyod mahallani, avvalo, mehr-oqibat, hamjihatlik, adolat va tarbiya maskaniga aylantirish kabi dolzarb masalalar o‘z ifodasini topadi.

 – Biz Yangi O‘zbekistonni barpo etishda hal qiluvchi bosqichga qadam qo‘ymoqdamiz. Bu yo‘ldagi ishlarimiz har bir soha va tarmoqda chuqur transformatsiyani talab qiladi.

Maqsadimiz aniq: yaqin yillarda daromadi o‘rtadan yuqori mamlakatlar qatoriga kirish.